O'limning Bahosi

Matluba zinapoyalardan tushib, tashqariga chiqqunicha xuddi najasxonadan o'tayotgandek nafasi qaytdi. To so'nggi zinapoyani bosgunicha har tashlagan qadamida o'zini la'natladi. Dastlabki soniyalarda bu yerga kelib xato qilganini anglab, pushaymon edi. Uning o'ziga bo'lgan nafrati bu pushaymondan tug'ilmadi. Ko'ngilga taskin bera olguvchi olishuv bo'lmagani, ulardan baland kelish u yoqda tursin, hatto teppa-teng gaplashishga jur'ati yetmagani, eng muhimi - bu xonadondan besamar ketayotgani uning g'azabini qo'zg'otgan edi. Ba'zan odam achchiqlansa G'azab toshlarini birovga otib humoridan chiqadi. Hozirgi holatda esa, Matluba G'azab toshlarini faqat o'zigagina ota olardi.
Alhol, Matlubani dardga solgan yana bir sabab bor: Matluba kundoshining yayrab-yashayotganini anglab, avval ichi kuydi, so'ng rashk qildi. Yo'q, eriga nisbatan emas, o'sha qoshu kipriklarigacha malla Samandarga rashk qildi. Eri do'stini zo'r olim, faqat Maskov bilan gaplashadi, - degan edi. Ana shunday zo'r odamni bir buzuqning quliga aylanishiga Matluba toqat qila olmadi. Bu itdan tarqagan g'arko'zga er hayf. Nima qilib bo'lsa ham ajratib yuboraman. Yursin menga o'xshab beva bo'lib... Matluba xayolidan yarq etib o'tgan bu fikrni chuqurlashtirmadi. Hatto qanday qilib ajratib yuborishini o'ylamadi ham. Buni keyinroq mulohaza qiladi. Samandarga borib hammasini aytaman. Qiz olmaganini bilib qo'ysin... deb qaror qiladi-yu, ammo axdini amalga oshirishni galga solaveradi. Bu galga solishi ham besabab emas. Avvaliga ajratib yuborishni o'ylagan bo'lsa, keyinchalik Juvonmarg Nafisa bu dunyoda yashamasligi kerak, degan fikrga ko'proq yopishib oladi.
Bu o'y-qarorlar keyinroq tug'iladi. Hozir esa...
Matluba besh-o'n qadam yurgach, bolalar o'ynaydigan maydoncha qarshisida to'xtadi. Tepadan kuzatishayotgandir, degan fikrda o'girilib, ularning derazalariga qaradi. O'nlab derazalardan qaysi biri ularniki ekanini aniq bilmasdi. Uning mo'ljalidagi bironta deraza ortida ham sharpa sezilmadi. Er jonivor idish-tovoq yuvayotgandir. Anavi buzuq esa, otasiga hisob berayotgandir. Hamma gaplarni eshitib turdi u it! Yana yo'taladi-ya! He, o'pkalaring irib ketsin sening! Matluba noaniq derazaga shu qarg'ish toshini otgach, sal hovuri bosilganday bo'ldi.
Nimqorong'i muyulishda to'xtab turgan odamning o'zi tomon yura boshlaganini ko'rib, cho'chidi. Yuragiga qo'rquv oralab, tislangan mahalida tanish ovozni eshitdi:
- Opa, bu menman.
- Vali? nima qilib turuvding?
- Kechqurun yolg'iz yurmang, dedim. Harholda bu yerda yotib qolmasangiz kerak, deb o'yladim.
Matlubaga Valijonning bu ishi ma'qul bo'ldi. Ammo sir boy bermaslik uchun:
- Meni bo'ri yermidi? - deb to'ng'illab qo'ydi.
Katta ko'chaga chiqishganda Valijon:
- Opa, men bir moshin to'xtatayin. Adangiznikiga borasizmi? - deb so'radi.
- Yo'q, - dedi Matluba, - ukamnikiga boraman. Sen ham yura qol, joyi bemalol.
- Rahmat, opa, mening boradig'on yerim bor.
Matluba boradigan yeri bo'lmagani uchun meni poylab turgandir, deb o'ylagan edi. Valijonning bu gapidan so'ng o'sha fikri uchun o'zi uyaldi.
- Yuraver, seni tanishadi, - dedi muloyimlik bilan.
- Yo'q, opa, bahonai sabab bilan qarindoshlarni ko'rib ketayin. Yana qachon tushaman bu shaharga...
Valijon Matlubani mashinada kuzatgach, o'zi temir yo'l bekatiga ketdi. U Matlubaga yolg'on so'zladi: shaharda uning qarindoshlari yo'q edi. Xojasining davrida orttirgan o'ynashlarinikiga borishning ma'nosi yo'q. U xotinlar Valijon akaginam qachon bag'rimga kelarkinlar? deb ko'z tikib o'tirmaydi. Allaqachon boshqa xushtorlar topib, maishatlarini davom ettirayotganlari aniq.
Valijon yomon bir o'yinga beixtiyor aralashib qolayotganidan ko'ngli xijil bo'lib, turli o'ylar changalida tong ottirdi. Yaxshi kunlari tugab, tashvishli davri yaqinlashganidan darak beruvchi bu shahardan tezroq qochgisi keldi. Tongda birinchi avtobusga o'tirib uyiga jo'nadi. Halqa yo'ldan uzilgach, xuddi tashvishlari ortda qolganday sal yengil tortdi.
Matluba esa, mashinadan tushgach, ukasi yashaydigan hovli darvozasiga yaqinlashdi-yu, ammo qo'ng'iroq tugmasini bosishga shoshilmadi. Hozir u hech kim bilan ko'rishishni, gaplashishni istamayotgan edi. To'g'ri, ukasi uni ko'rib, nega bemahalda kelding? demaydi. Bil'aks, quvonadi. oralaridagi farq bir yosh bo'lgani sababli ular Fotima-Husan kabi yaqin, aytish mumkinki, ma'lum ma'noda hatto sirdosh ham edilar. Yoshdagi farq oz bo'lgani sababli ukasi uni opa ham demasdi, sizlamasdi ham. Matluba erga tekkanidan so'ng opa deb sizlay boshladi. Bu Matlubaga ham erish tuyuldi. Ukasi bilan uzoqlashib ketganday bo'ldi. Ukasiga ham shunday tuyulib, yana eski odatiga qaytdi.
Erga tekkanidan so'ng ota-ona huzuriga kelib-ketish uning uchun o'lim chig'irig'idan o'tish kabi azob edi. Otasi Matlubani e'tiborli bir odamning o'g'liga berishni mo'ljal qilib qo'ygan ekan. Mo'ljalning o'zigina bo'lsa koshki edi. Do'sti vakilligida go'zal, oqila qizi borligini ma'lum qilibdi. U odam esa, qadrdonlaridan birida o'g'liga mos qiz borligidan xabar topib, sovchi ham yuborgan edi. Balo buluti yopirilib, balo yomg'irlari ana o'shandan so'ng yog'a boshladi. Otasiga qo'shilib onasi avval yalindi, so'ng po'pisa qildi. Po'pisa qilishda akasi hammadan oshib tushdi, gapira turib, bir-ikki marta do'pposlashdan ham qaytmadi. Onasi so'nggi chora - ko'z yoshlarini ishga solganida Matluba chiday olmadi. Onasiga qo'shilib yig'lab turib, bir yigitni juda yaxshi ko'rishini aytdi. Bo'lmagan gap, - dedi onasi, - yaxshi ko'rganingni erga tekkaningdan keyin unutib yuborasan. Unutolmayman, oyijon, dedi yig'idan to'xtamay Matluba. Agar o'sha yaxshi ko'rganingga tegaman, desang mening o'ligimni hatlab o'tib chiqasan bu uydan, dedi onasi qat'iy tarzda. Oyijon, sizning bir tomchi ko'z yoshingiz uchun undan kechsam kechvorar edim, lekin... to'yning ertasiga kuyov tomon meni izimga qaytarib yuborsa isnodga chiday olmaysizlar... Onasi beixtiyor nega? deb so'radi-yu, nima voqea sodir bo'lganini anglab, labini tishladi, yuzini yuldi.
Matluba to'g'ri aytgandi - isnodga chiday olishmas edi. Bo'lib o'tgan sharmandali voqeadan xabar topishgach, dardlarini ichlariga yutmoqdan o'zga chora bo'lmadi. Agar bu uyatdan odamlar xabar topishsami?! Xudo ko'rsatmasin!
Matluba xohlagani - Tursunaliga tegdi. Unga dabdabali to'y nasib etmadi. U alamli, azobli hayotni o'ziga ravo ko'rdi. Otasi esa, oziq-ovqat savdosi boshqarmasiga rahbarlik qilish niyatiga yetolmadi. Sir uch kishining orasida qoldi. Matlubaning akasi, ukasi uning Tursunaliga tegishini o'jarligidan, deb baholadilar. Otasi Matlubani rasman oq qilmagan bo'lsa-da, gaplashmay qo'ydi. Salomlariga ham alik olmadi. Faqat tilsiz, harakatsiz qolganidan keyin qiziga qarab bir nimalar demoqchi bo'lib g'o'dranardi, ko'zlari yoshlanardi.
Otasini isnod emas, pul g'ami yiqitdi. Ulardan ikki uy narida qimorboz qo'shnilari bo'lardi. Bir kuni chiqib Qimorni tashlamoqchiman. Ammo bu shaharda yashab turib tashlay olmayman. Samarqanddan joy topdim. Ota yurtimga jo'nayman, joy begona bo'lmasin. Siz bizga ko'p yaxshilik qilgansiz. Uyimni sotib oling, sizga arzonroq qilib beraman, debdi. Otasi ham qiziq, uyga muhtojligi yo'q edi. Katta o'g'li o'zi bilan qolib, kichigi joy qilib chiqib ketgan edi. Lekin nafs qurg'ur arzonroq olu u yer bu yerini tuzatib, ikki baravar ortiqqa pulla, deb qutqu qilaverganmi, harholda mahalladan uch-to'rt odam chaqirildi, savdo pishdi. Pul to'landi. Qo'shni ikki oydan so'ng ko'chishga ijozat so'radi. Oradan ikki oy emas, yarim yil o'tsa ham u joyidan jilmadi. Sakkiz oydan so'ng ko'chishi lozimligi eslatilganda u nega ko'chaman? deb ajablandi. Uyni sotganini aytishganda esa, Qachon sotibman? Shunday uyni nimaga sotaman? deb yana ajablandi. Guvohlar chaqirildi. Biri eslay olmadi, boshqasi bunaqa gap bo'lmaganini aytdi. Guvohlar chiqib ketishgach, otasi yiqildi, tilsiz, harakatsiz bo'lib qoldi. Oradan uch oy o'tar-o'tmas, onasi uyqusidan uyg'onmadi. Mo'mina ayol edi, omonatini ham osongina topshirdi.
Onalar hech mahal farzandlaridan norozi bo'lib ketmaydilar. Shunday bo'lsa ham Matluba onamdan rozilik ololmadim, deb armonda qoldi.
Onasi o'tganidan beri ota uyiga borgisi kelmaydi. Akasi bilan yangasini ko'rishga tobu toqati yo'q. Akasini o'sha urganlari uchun sira-sira kechirolmaydi. Hatto onasini behurmat qilganida ham xotinini chertmaydigan insonning singlisini do'pposlashi chindan ham kechirish mumkin bo'lgan hol emasdi.
Janozadan keyin qaysi bir kuni ukasi yolg'on yig'isini avjga chiqarayotgan yangasiga qarab turib, onam boyaqish o'ldilaru bu dunyodagi do'zax azobidan qutuldilar, degan edi. Yomon kelindan Yaratganning o'zi asramasa qiyin ekan. Qayin singillar turmushga chiqib ketishar, qayin inilar ko'chib ketishar, ota bilan ona esa, bu dunyo azobiga dosh berib, yashashdan o'zga choralari yo'q. Ularni bu azobdan faqat o'limgina qutqaradi.
Matluba shaharga tushganida otamnikiga boraymi yo ukamnikigami? deb ikkilanib o'tirmas edi. To'g'ri, otasini borib ko'rardi, ammo u yerda uzoq o'tirmas edi. Yangasining qiz degan otaga qarab o'tirishi kerak, degan fasod gaplariga javob bermay iziga qaytardi. Erining ishi sudda ko'rilayotganda bolalarini olib ukasinikiga ko'chib keldi, deyilsa ham bo'ladi.
Matluba ukasining darvozasi qarshisida turib, yuragi uvishib ketdi. Bir qarasang atrofingda mehribon odamlar ko'p. Ular senga yaxshilik qilgisi keladi-yu, ammo nima uchundir qilmaydi. Dardingga malham qo'ygisi keladi-yu, ammo nimagadir qo'ymaydi. Senga qo'shilib yig'lagisi keladi-yu, ammo nimagadir yig'lamaydi. Boshing uzra baxt quyoshi charaqlab qolsa, uning nuridan sen bilan birga bahra olishga shoshilishadi. Bu baxt quyoshi yuzini abri balo qoplaguday bo'lsa, pana-panaga qochadilar. O'sha panada turib, senga bo'lgan sadoqatlarini izhor etadilar. Matluba eri qamalgunicha buni bilmas edi. Balo buluti hamma yoqni zulmatga o'ragani bilan hayotni yaxshi-yomonga ajratib, odamning g'aflat uyqusidagi ko'zini ochar ekan.
Shaharda qarindoshlari ko'p, tanishlari undan-da ko'p. Ammo ularga baxti kulgan Matluba kerak. Bir olam dard iskanjasidagi baxti qaro Matlubani ular boshlariga uradilarmi? Ularni ham ayblash qiyin, chunki dard masalasida ularning boshqalardan kam yeri yo'q. Matluba qaysi birlarinikiga hasratdosh izlab borsin? Ukasi... mehribon, ammo Matluba ayrim masalalarda unga yorila olmaydi.
To'g'ri, shaharda bittasi bor... Lekin u ham hasratdosh emas. Ammo agar gapi rost bo'lsa, Matluba uchun jonini berishga tayyor odam. Dorulfununga qabul imtihonlari paytida ishqi tushib, to Matluba erga tekkunicha tinch qo'ymadi. Ismi Ramziddin bo'lgan bu yigitni oshiqligi sababli hamkurslar Romeo deb kulishardi. Bu ism uning o'ziga ham yoqib, Matlubani bir-ikki Juletta deganida eshitadigan shirin gaplarini eshitib olgan edi. Bu Romeo tushmagur mulohaza, odob, muomala ko'chalaridan o'tmagan soddagina yigit edi. Matlubaga bo'lgan muhabbatini hech kimdan yashirmas, muhabbat yashirin tuyg'ular mevasi ekaniga fahmi yetmas edi. May bayramida namoyishga ketishayotganda, Qizil maydonga yetmay, ancha vaqt to'xtab qolishdi. Shunda bu Romeo tushmagur dabdurustdan shu yil imtihonlardan so'ng uyingga sovchi yuboraman, yo'q desang uvolimga qolasan, dedi. Matlubaning qitmirligi tutib, chindan yaxshi ko'rasizmi? deb kuldi. Unga dugonasi qo'shilib yaxshi ko'rsangiz hozir hammaning oldida isbot qiling, dedi. Qanday isbot qilishim kerak? dedi Romeo ajablanib. Matlubaning qarshisida hoziroq tiz cho'qing! dedi dugonasi shaddodlik bilan. Tiz cho'kaymi? deb so'radi Romeo Matlubadan yo'q degan javobni kutib. Nega Matlubadan so'raysiz. Yaxshi ko'rsangiz tiz cho'king darrov! Amerikaliklar shunday qilisharkan. Zamonaviy yigitlar Amerikaga ergashishlari kerak, dedi dugonasi bo'sh kelmay. Romeo yana Matlubaga qaradi. Najot bo'lmagach, cho'ntagidan tanga pullarini olib qizning oyoqlari ostiga sochdi-da, ularni terib olish bahonasida tiz cho'kdi. Uning bu topqirligidan qoyil qolgan qizlar ko'chani boshlariga ko'tarib, sharaqlab kulib yuborishdi. Matlu, shundan boshqaga tegsang xor bo'lasan, deb hazillashishdi. O'shanda farishtalar omin degan ekanmi, boshqaga tegdiyu xor bo'ldi...
O'sha kezlari esa, Matlubaning ko'z oldidan Tursunali ketmas edi. Boshqa barcha yigitlar uning uchun arzimas bir odamchalar edi.
Romeo bilan turli tasodif tufayli keyin ham uchrashdilar. Har gal uchrashishganda u uylanmaganini, Matlubaning erdan chiqishini kutayotganini aytardi. Sovuq nafas qilma, nega erdan chiqarkanman? derdi Matluba. Sen u bilan baxtli bo'lolmaysan. Yo ajralishasan, yo siqilib o'lib ketasan. Boshqa yo'l yo'q senga. Mening ham bitta yo'lim bor - seni kutaman. Qariganingda bo'lsa ham senga uylanaman. Uylanmagunimcha o'lmayman, derdi u.
Tursunali qamalgach, yana uchrashishdi. Bu safargi uchrashuv tasodifiy bo'lmadi. Romeoning o'zi qishloqqa qidirib bordi. Yana o'sha gapni aytdi. Uni o'n besh yil kutmoqchimisan? Kutma, dedi. Ahmoq ekansan,- dedi Matluba. - Boshqa kelma, men ersirab qolmaganman. Boshqa kelmayman, o'zing borasan, dedi u ishonch bilan. So'ng yon daftarchasining bir varag'iga turar joyini yozib berdi. Matluba bu qog'ozni g'ijimladi-yu, ammo tashlab yuborolmadi.
Hozir ukasining darvozasi qarshisida shuni eslab, bir entikdi. Bu yomon xayol domiga tushmaslik uchun qo'ng'iroq tugmasini bosdi. Eri qamalganidan beri dam yarim tunda, dam erta saharda kelib yurgani uchun eshikni ochgan kelini bu tashrifdan ajablanmadi. Keling, opa, deb so'rashdi.
- Sarvar uydami? - dedi Matluba, ostona hatlab ichkari kirgach.
- Uydalar, futbol ko'ryaptilar. Odatlarini bilasiz-ku, futbol desa o'zlarini tomdan tashlaydilar.
Sarvar chiqib, opasi bilan salomlashdi-da, choy-poy ichib tur, hozir tamom bo'ladi, deb yana kirib ketmoqchi edi, xotini to'xtatdi:
- Odamni isnodlarga o'ldirib yuborasiz-a, futbol o'lguringizni bir marta ko'rmasangiz nima qilibdi?
Bu gaplarni eshitib, Sarvar qoshlarini chimirdi:
- Yana bir marta futbol o'lgur degsang, jiydaxaltangni qo'ltiqlaginu onangnikiga jo'nab qol.
- Axir opam...
- Opam bo'lsa, o'zimning ming yillik opam. Mensiz yarim soat chidab o'tirishga qurbi yetadi. Sen kallangni ishlat: bunaqa o'yin to'rt yilda bir marta bo'ladi. To'rt yil kutaman men bunaqa o'yinni.
- Mening kelin degan nomim bor. Har qanaqasiga kim yomon - kelin yomon.
Matluba er-xotinning olishuvini eshitib, ma'yus jilmaydi.
- Sarvar, bor, kiraver, futbolingdan qolma.
Shu payt ichkaridagi televizordan muxlislarning hayqirig'i eshitildi. Nimadir demoqchi bo'lgan Sarvarning gapi og'zida qolib, sapchiganicha ichkari kirdi.
- Nazmixon, qo'ying, odatini bilasiz-ku. O'zining to'yida futboldan kechmagan odam shu paytda kechadimi?
- He quribgina ketsin, shu futbollari, - Nazmi shunday deb qayin egachisini mehmonxonaga boshladi.
Bu xonadondagi er-xotin yechishi mushkul bo'layotgan asosiy muammo futbol masalasi edi. Sarvar bu o'yinning ashaddiy muxlisi bo'lsa, Nazmi ashaddiy dushmani edi. Futbol - san'at! Sochi uzun, aqli kalta odam bu o'yinning gashtini bilmaydi. Futbol - yigirma ikkita ahmoqning bitta to'p ketidan Ali akaning itiday halloslab yugurishi. Er-xotinning bu boradagi falsafasi shundan iborat. O'n yilning nari-berisida davom etayotgan ilmiy bahsda hali tomonlarning kelishuvidan darak yo'q. Hozirgi bu bir cho'qishib olish ham Matluba uchun yangilik emas. Har safar qozilik qilishga to'g'ri kelsa, kelinga to'ylarini eslatadi. Bu eslatuv Nazmiga yoqadi. Aslida Nazmi bu voqeani sira unutmaydi. Chunki bu unutadigan voqea emas. Biron hajvchining qulog'iga chalinsa yozib yuborishi turgan gap. Tasavvur qiling: nikoh bazmi avjida. Tabriklarning biri-ikkinchisiga ulanadi. Shirakayf mehmonlar kelinning yarim soatdan beri yolg'iz o'tirganini sezishmaydi. Ammo bunaqa holat ayollarning nazaridan qochmaydi. Tabiiyki, eng avvalo kelin poshsha bezovtalanadilar. Hozir kelaman, degan kuyov to'ra qayoqqa g'oyib bo'lishlari mumkin? Yangasi biqiniga asta turtib, Qani kuyov? deb so'raydi. Nazmi qayerdan bilsin?
Xotinlarning shivir-shiviri tavonxonagacha yetib boradi. Opoqi, qudalar xavotirlanishyapti, o'g'lingiz bir soatdan beri yo'q emishlar. Yarim soat tavonxonaga bir soat bo'lib yetib bordi. Bu gap xotinlar tili vositasida ko'chaga chiqquday bo'lsa, ikki soatga yetishi tayin. O'g'lining qayerdaligini ona bilmay, kim bilsin? To'g'ri, bu gapni eshitib, avvaliga yuragi shuv etib ketdi. Harholda do'stdan dushman ko'p. Onaning ziyrak fahmi bu xavotirni darrov quvdi. Voy, sho'rginam, bugun futboli boridi-ya! To'yni ertaga ko'chiring, deganida qudalar ko'nishmovdi. Xullas, Sarvar yana o'nbesh daqiqadan so'ng topildi. O'sha kuni u umrida yagona zo'r jasorat ko'rsatdi: futbol o'yinining faqat ikkinchi bo'limini ko'rdi. Birinchi bo'limini esa umrida bir marta bo'ladigan tantana - to'y uchun qurbon qildi. Tabiiyki, Nazmi bundan o'sha paytda bexabar edi.
Kuyov to'ra xushnud holda joylarini egallaganlarida kelin poshsha arazlaganday bir chimirilib qo'ydilar-u, tergamadilar, turmushning dastlabki daqiqalaridayoq tergashni o'zlariga ep ko'rmadilar. Bu ham o'ziga xos bir jasorat bo'ldiki, zikr etilmog'i albatta, o'rinlidir. O'yin ko'ngildagiday tugagani uchun kuyov to'raning kayfiyatlari yaxshi edi. Barmoqlarining uchi bilan kelin poshshaning yumshoq joylarini o'g'rincha silab, quloqlariga shivirladilar:
- Sizga bitta she'r aytib, beraymi?
Kelin poshsha ajablanib, she'r yozgani ketgan edingizmi? degan savol nazari bilan qarab qo'ydilaru bosh irg'ab, she'rni o'qimoqqa ijozat berdilar.
Kuyov to'ra yana quloqqa shivirladilar:
- Ekin ekadig'on yering bo'laman, bugundan boshlab ering bo'laman.
Kelin poshsha piq etib kulib qo'ydilar. Bu kulgi kuyov to'raning gunohlari kechirilganiga bir ishorat edi. Qadah ko'tarib tabrik so'zi aytayotgan mehmon go'yo kuyov to'raning hozirginada she'r aytganlarini sezganday mushoirani davom ettirdi:
Sarvarbek! - deb xitob qildi u. - To'y to'ylashib keldik elingizga, Xudo quvvat bersin belingizga! To'yxonani qiyqiriq bosib, xotinlarning farazlarga boy shivir-shiviriga yakun yasaldi. Mana shu qisqa vaqt davomida Sarvar xotinlar tili bilan yasalgan uchar gilamda yaxshi ko'rgan qizi bilan uchrashib qaytishga ulgurdi.
Nazmi har safar shu voqeani eslaganida bir entikib qo'yadi. Hozirgi entikish eriga bo'lgan arazni nari surdi. Qayin egachisiga mehribonlik ko'rsatib, Matlubaning qarshiligiga qaramay dasturxon tuzadi. Choy damlab kelgach, qo'ni-qo'shnilar, qavmu qarindoshlar hayotidan qisqa-qisqa axborot berdi. Matluba kelinining bu odatini ham yaxshi ko'radi, ham ranjiydi. Yaxshi ko'rganining boisi - Nazmi bilan besh daqiqa birga bo'lsa bas, barcha yangiliklardan xabardor bo'ladi. Ranjiganining boisi - uning tashrifi haqidagi ma'lumot ham ertasigayoq xotinlar telegrafi orqali tarqaydi. Tursunali qamalganidan beri bu telegraf to'la quvvat bilan ishlaydi. Matluba ba'zan gap shu yerda qolsin, deb keliniga qattiq tayinlaydi. Kelinning oQzi mahkam. Matluba ketguniga qadar bu gap ostona hatlamaydi. Matluba tushgan avtobus shaharni tark etmay, sir saqlanmoQi lozim bo'lgan yangilik ozgina qo'shilgan, bezalgan holda xotinlar telegrafiga ulanadi.
Nazmi mahalla yangiligini tugatib, qarindoshlarga o'tganida Matluba uning gapini bo'ldi:
- Vazirlikka hisobot olib tushgan edim. Qog'oz o'lgur biram ko'p. Bitta-bitta tekshirib olgunicha kech bo'lib ketdi.
Matluba bu gapni xotinlar telegrafi uchun atay aytdi. Hisobot oladigan qo'ng'iz mo'ylov opamga bir-ikki ilmoq tashlash uchun atay kechgacha olib o'tiribdi, degan qo'shimchadan, shubhasiz, Matluba bexabar qoladi.
Futbol tugab, Sarvar chiqib keldi.
- Voy opa, qarang, bir qarang, - dedi Nazmi, - shoxlari chiqibdi!
- Boya nima deding? - dedi Sarvar uning pichingini tushunmaganday, - Odamni isnodlarga qoldirasiz dedingmi? Men futbolni ko'rmay shu gapingni o'ylab o'tirdim.
- Gapimga nima bo'pti?
- Qiziq-da. Odam isnodga qolsa, senga nima?
- Voy, savil, opa, ukangizning gaplarini eshityapsizmi? Men odam emas emishman...
- Men unaqa demadim, - Sarvar shunday deb choy xo'pladi, - choyni yangila, sovubdi.
Nazmi opa-ukaga bir-bir qarab chimirildi-da, jahl bilan o'rnidan turib, tashqariga chiqdi.
- Ba'zan juda oshirib yuborasan-da. Choy issiq edi-ku? - dedi Matluba ukasiga norozi qiyofada boqib.
- Shunaqa demasam, vaysab o'tiraveradi. Ha, nima bo'ldi, tinchlikmi?
- Vazirlikka hisobot olib tushuvdim...
- Bo'ladigan gapni gapirsang-chi.
Matluba ukasidan sir saqlamas edi. Ammo bo'lib o'tgan gaplarni hozir aytgisi kelmadi. Erining o'ynashi oldida, o'zi shaltoq, isqirt, deb hisoblagan bir ayol qarshisida past ketgani, aniqroq aytilsa, mag'lub bo'lganini tan olgisi kelmadi. Shu sababli bo'ladigan gaping nimasi, deb ukasidan nigohini olib qochdi. Ziyrak Sarvarga shuning o'zi kifoya qildi.
- Bo'ldi, to'k dardingni, yana yorilib ketmagin, - dedi u opasiga tikilib.
Matluba bu qarashga bardosh bera olmadi. Bir soat avvalgi voqea, mag'lubiyatdan toshgan dardu alam daryosi ko'zlaridan yosh bo'lib quyila boshladi.
- Yorilasan, dedim-ku! Ayt, nima bo'ldi?
Matluba ro'molchasi bilan burnini chimdib qo'yib, hech narsa dedi-da, sumkachasidan erining xatini olib, uzatdi.
Sarvar xatni o'qib, bir oz o'ylandi. So'ng xato o'qimadimmi deganday satrlarga yana ko'z yugurtirdi.
- Ha... tushibdilar, akaginam... - dedi o'ziga o'zi gapirganday.
- Nimaga tushadi?
- O'g'rilarning qo'liga tushibdi ering.
- Qanaqa o'g'rilar? - Matluba bu yangilikdan ajablanib, yig'ini ham unutdi.
- Qanaqa bo'lardi, oddiy sovet o'g'rilari, - deb piching qildi Sarvar. So'ng jiddiylashdi: - Ularga soliq to'lanmasa ersiz qolasan.
- Sen buni qayerdan bilasan?
- Bilaman-da.
- Yo'q, ayt, qayerdan bilasan?
- Men bilan birga o'qigan Habib esingdami? Zolotoy derdik. O'ninchida o'qiyotganida qamalib ketuvdi. Esingda yo'qmi? Xo'p, unda esing Tursunali akang bilan band edi. Xullas shu bola ikki marta o'tirib chiqqan. Salkam vor v zakone.
- Bu nima degani?
- O'g'rilarning zo'ri, degani. O'sha gapirib beradi menga bunaqa gaplarni.
- Uchrashib turasanmi? O'g'ri bilan-a?
- O'g'ri bo'lsa, ko'chada o'g'ri. Uyda mening oshnam.
- Bu xatni unga ko'rsataylik.
- Foydasi yo'q.
- Nega?
- Tanish-bilishlik, iltimos degan narsa bizlarda bo'ladi. O'g'rilarda bunaqasi yo'q. Eringni shunga hukm qilishibdimi - tamom. Davlatning xazinasiga o'xshab, ularning ham xazinasi bo'ladi. Tomib turmasa, quriydi bu xazina. Ular esa xazinalarining qurishiga sira yo'l qo'yishmaydi.
- Xazinasiga o't ketsin!
- Qarg'ama. Ularning ishi to'g'ri. Ular duch kelgan odamni tushirishmaydi. Pochchaginamga o'xshagan g'irromlarni o'marishadi. O'zing o'ylab ko'r, ishchidan yo dehqondan nimani o'marishadi?
- Pochchangdan hech nima qolmadi. U uyga tashimas edi.
- Bu bilan ularning ishlari yo'q.
- Men qayoqdan topaman shuncha pulni?! - Matlubaning titroq ovozi bir necha parda ko'tarildi. Oshxonada ivirsib yurgan, qo'li ishda, qulog'i esa mehmonxonada bo'lgan Nazmi ham bu ovozni eshitdi.
- Er kerak bo'lsa, topasan, - dedi Sarvar xotirjam tarzda.
- Bermasam o'ldirishadimi?
- Bilmayman. Agar shunaqa shart qo'yilgan bo'lsa - o'ldirishadi.
- Bolalarimga-chi? Tegishmaydimi?
- Bilmayman... Agar bolalarni garovga qo'ygan bo'lsa...
- Nega garovga qo'yarkan? Bolalarda nima haqqi bor uning?! Voy Xudoyim, qayoqdanam shu hayvonga tegdim!
- Bo'ldi, g'ingshima. Endi hayit o'tgan, xinani xohlagan joyingga qo'yasan.
Xotinlar telegrafi uchun qiziq ma'lumot bera oluvchi gapga shoshgan Nazmi kirib kelib, ikkovlari ham jim qolishdi.
- Bolalarning o'qishiga qattiq turganing yaxshi,- dedi Sarvar gapni burib. Matluba avvaliga ukasining muddaosini tushunmay ajablandi. So'ng keliniga bir qarab olib:
- Hozir o'yinqaroq payti. Otasi bo'lganidayam ha-yig'ib turarmidi... - deb qo'ydi.
- Onasi, ertalab vaqtli ketaman. Kiyimlarimga dazmol urib qo'y, - dedi Sarvar, xotini uzatgan choyni olib.
Nazmi kiyimlaringiz tap-tayyor deyishga og'iz juftladi-yu, o'zining bu suhbatga ortiqchaligini anglab, o'rnidan tura qoldi.
- Menam vaqtli ketaman, - dedi Matluba, - Ertaga kelaman. Pul oladigan yigit adamlarnikini tayin qilgan.
- Men ham adamlarnikida bo'laman. O'sha yigitni bir ko'rib qo'yay.
- Ko'rmaganing yaxshimikin. Birov bilmasin degan.
- Aytaveradi. Bu birov bilmaydigan ish ekanmi? Sen ko'p siqilaverma. Yolg'iz bo'lganingda boshqa gap edi. Ahmoq bo'lsa ham, hayvon bo'lsa ham o'sha peshonangga bitgan ering. O'n besh yil bergan bo'lsa, o'n besh yil o'tirmaydi. O'n besh yilgacha yo podsho o'ladi, yo eshak.
Sarvar shunday deb o'rnidan turdi.
- Rostdan ham vaqtli ketishim kerak. Sen ham damingni ol.
Matluba bu xonadonga har kelganida kelini hurmat yuzasidan mehmonxonada yotmoqchi bo'ladi. Har safar ham Matluba uni yotoqxonasiga chiqarib yuboradi. Odat bu gal ham kanda bo'lmadi. Mehmonxonada yolg'iz qolgach, Matluba o'ringa yonboshladi. Bir necha nafasdan so'ng yuragi bezovtalanib, qaddini ko'tardi. Xayollari cho'l shamoliday bevosh bo'lib ketdi. Tursunali akasini ilk bor ko'rgan kunini ham esladi. Eslay turib, o'sha kunni la'natladi. Asalday totli tuyulgan damlar zaharga to'la turmushning aldamchi debochasi ekanini kech angladi. Yumuq ko'zlar ochilgan damda zaharga to'la hayot qo'yniga kirib bo'lgan, endi ortga yo'l yo'q edi. Hozir ham turmushning zaharli nishi yuragiga sanchilib, bezovta qila boshladi. Yuragi qattiqroq sanchganda beixtiyor oyijon! deb yubordi.
Ona - farzandiga yopirilajak dardu alamlar seli yo'lidagi bir to'g'ondir. Ona yaratgan Olloh huzuriga qaytgach, bu to'g'on o'z-o'zidan yemiriladi. Matluba buni ham kech angladi. Faqat Matluba emas, ko'pgina farzandlar shundaydirlar. Oxir-oqibat Voy, onajonim! deydilar, nolayu faryod dengiziga g'arq bo'ladilar. So'ng esa, to'g'on bo'lishni Onaning ruhidan umid qiladilar. Johil bandalar... ofatlardan Onaning ruhi emas, Yaratganning o'zigina saqlashiga aqllari yetmaydi... Yana Xudo biladi, onalarning ruhiga biron-bir qudrat kasb etilsa, borini hayotda qolgan farzandlari hi-moyasiga baxsh etarmi edilar... Bu shunchaki ojiz bir faraz. Aslida esa, Onalarning ruhlari farzandlar duosiga muhtojdirlar...
Matluba o'rnidan turib deraza oldiga keldi. Uyda dimiqib ketganday bo'lib hovliga chiqdi-da, taxta so'riga o'tirib, tirsagi bilan panjaraga suyandi.
Oyijon, baxtli bo'l, deb duo qilardingiz. Duolaringiz nima uchun qabul bo'lmadi? O'zim aybdormanmi? Endi nima bo'ladi? Dunyodan baxt nima ekanini bilmay o'tamanmi? Mening bo'larim bo'ldi. Bolalarim baxtli bo'lishsin, duo qiling, oyijon. Oyijon, duo qiling, menga ko'p umr kerak emas. Zilolani kuyovga uzatganimdan so'ng bir yilgina yashasam yetadi. Zilolaning bolasini ko'rsam, beshik qilsam bo'ldi, keyin yoningizga chaqiring. Kuyovingiz bugun-erta qamoqdan chiqib kelsa ham men bolalarimni unga ishonib tashlab keta olmayman. U chiqib kelgani bilan baribir yana o'sha shiltasi bilan topishadi...
Shu fikr xayoliga kelishi bilan o'sha qon qusgur Nafisa ko'z oldida gavdalandiyu badaniga titroq yugurdi. Boshqa narsalarni o'ylashga harakat qilsa ham o'sha kafansiz ko'milgur Nafisa qarshisida tirjayib turaverdi. Shunda bir necha soat ilgari xayolini yoritib o'tgan fikr yana qaytaladi: Bu baloginaga yo'liqqur o'lmas ekan, men tinchimni topa olmayman. U o'lmasa - menga hayot yo'q... Bu fikr qat'iylasha boshlaganda ayvonda sharpa sezildi.
- Nima qilib o'tiribsan?
Matluba ukasining ovozini eshitib, o'girildi.
- Uyqung, kelmayaptimi? Negadir men ham uxlay olmayapman. Ko'zlarimni yumsam, adam chaqirayotganga o'xshaydilar.
- Sog'ingandirlar. Qachon borib ko'ruvding?
- To'rt kun bo'ldimikan?
- Yo'ling-ku, kunda bir ko'rib o'tsang bo'lmaydimi?
- Bo'ladi-ku, Ofatni kunda bir ko'rish menga ham og'ir-da. Kirishimdan sasishni boshlaydi, yarim soatga zo'rg'a chidayman. Shuni qo'ydirib, akamga boshqa xotin olib berishimiz kerak.
- Qo'ysang-chi.
- Sen nimaga uxlamayapsan? Siqilma, dedim-ku.
- Anavi o'g'ri o'rtog'ingni qachon ko'rasan?
- Xohlasam hozir, xohlasam ertaga. Nima edi?
- So'rab ko'rgin. Bitta odam o'ldirish qancha turarkin?
- Nima? - Sarvar hayratlanib opasining ko'ziga qaramoqchi bo'ldi. O'n kunlik oy yorug'ida ko'zlardagi ma'noni uqib bo'lmadi. - Nima deding? Kimni o'ldirtirmoqchisan? Pul so'rab kelgan bolanimi? Kallangdan chiqarib tashla bu xayolni! U o'lsa, boshqasi keladi.
- Uni emas... bittasi bor.. so'rab bera qolgin.
- Narx bir xil bo'lmaydi. Odamiga qarab so'rashadi. Lekin Habib bunaqa ishga bormaydi. U o'g'ri, killer emas.
- Killering nima?
- Pulga odam o'ldirib beradiganlarni killer deyishadi.
- Eng arzoni qancha, bilib ber.
- Sen... esingni yig'. Agar killer qo'lga tushsa, buyurtmachi ham ketadi. Aqlingni yig'u bunaqa ishlardan nari yur. Agar yaxshilab qarg'asang, o'ladigan odam shu qarg'ishing bilan ham jo'navoradi. Bo'ldi, kirib yot. Ahmoq bo'lib qolibsan.
Sarvar keyingi gapni zarda bilan aytib, opasini tirsagidan ushlab uyga boshladi.
Matluba yotgani bilan uxlay olmadi. Tongga yaqin ko'zi ilingan ekan, darvoza qo'ng'irog'i ketma-ket jiringlab uyg'otib yubordi. Sarvar maykachan holda shoshilib hovliga chiqdi. Darvozani ochishga ulgurmay, ko'cha tomondan jiyanining ovozi eshitildi.
- Amaki, tez borar ekansiz, adam aytdilar. Men telegrafga borib, ammamga telefon qilaman.
- Ammang shu yerda, - dedi Sarvar darvoza eshigini ochib. To'n kiyib, qiyiq bog'lab olgan jiyanini ko'rdiyu otasidan ayrilganini angladi.
Ukasiga ergashib chiqqan Matluba ostona hatlay turib, Adammi? dedi-yu, javob kutmay yig'lab yubordi.
- Kechqurun chaqirishlari bekorga emas ekan, g'aflatda qolibman-ku, - Sarvar ich-ichidan kelgan bir o'kiriq bilan boshiga mushtlab ingrandi.
Opa-uka ota uyiga kelganlarida akalari ko'chaga qo'yilgan stullardan birida yolg'iz o'zi shumshayib o'tirgan edi. Matluba akasini bu ahvolda ko'rib, yanada xo'rligi kuchaydiyu Voy otamlab aytib yig'lashni boshladi.
Marhum uy o'rtasiga solingan yangi ko'rpa-to'shakda yotardi. Jag'i tang'ib bog'langan bo'lsa-da, og'zi xiyol ochiq edi. Ko'zlari ham butkul yumulmagandi. Xuddi berkinmachoq o'ynayotgan bolaning ko'zlariday yarim ochiq edi. Go'yo u jon bermaganu, hazillashib o'zini o'lganday qilib yotib olgan edi. Yarim ochiq lablari hozir bir jilmayib so'ng so'zlay boshlaydiganday edi.
- Ada! Adajon!!
Tabiiyki, javob bo'lmadi. lablar jilmaymadi. So'zlar aytilmadi. Go'yo murda gapirib yubormasin, degan ehtiyotni qilib jag' tang'ib bog'langanday...
Matluba kirib kelgan yangasini quchoqlab olib yig'ladi. Bilmagan odam quchoqlashib bo'zlayotgan bu ayollarni bir-biriga mehribon opa-singil deb o'ylashi ham mumkin edi. Ular bir-birini tinglamagan holda aytib yig'lashardi: Mehribonim otam... Yarim ochiq ko'zlar esa, go'yo ularni kuzatardi, lablar esa, go'yo pichirlar edi: aytayotganlaring rostmi? Chin dildan achinyapsanlarmi?..
Afsus shuki, murdalar gapirmaydilar. Ularga bir necha daqiqalik so'zlash imkoni berilsami edi... Bu olamda nimalar yuz bermas edi-ya... Yana kim biladi, balki birovlar bu imkoniyatdan foydalanib kalimai tavhidni to'xtatmay aytarlar, birovlar shuncha yil talashib-tortishib erishganimiz oqibat shu bo'ldi, ko'rib qo'ying, ibrat oling, derlar, birovlar esa, falonchi mendan besh so'm qarz olib edi, g'aflatda qolmanglar, borib olinglar, deb ogohlantirar?
Kimdir Yaratganning huzuriga borayotganiga shukr qilib ko'z yumar, kimdir lahadda yolg'iz yotishini o'ylab qo'rquv bilan jon berar, kimdir to'plagan boyligi qolib ketayotganidan achinib o'lar...
Bu dunyoni qanday tark etishidan qat'iy nazar, barchalariga aza ochiladi. Bu dunyoda bir-birlari bilan tenglik qilmagan odamlar lahaddagi guvalaga bosh qo'yishlari hamonoq tenglashadilar. Ammo bu tenglik ham uzoqqa bormas. Savol-javobdan so'ng, amalga qarab ajralish yuz berar - birov to qiyomatga qadar qabr azobiga giriftor bo'lar, birov esa bu azoblardan ozod etilar. Qiyomatda esa, uzil-kesil ajralish yuz berar...
Lablari ham, ko'zlari ham yarim ochiq marhum erishajak ajr ne bo'lar, yolg'iz Tangri biladi. Matluba esa, astoydil aytib yig'laydi: joyingiz jannatdan bo'lsin, adajon!..
Marhum dafn etib kelingach, yig'ini uyg'otayotgan ehtiroslar ham so'ndi. Tashqarida odatdagi Bandalik ekan - Ollohning irodasi - Sabr bersin, degan ta'ziya bildirishlar, ichkarida esa birdan boshlanib, birdan so'nuvchi yig'i tovushlari eshitilib turdi. Matlubaning yangasi ko'ngil aynitar gaplarini ana shundan keyin boshladi.
Odatda qizlar ota uyida qirq kungacha o'tirishardi. Matlubaning qirq daqiqa o'tirishga ham toqati qolmadi. Ta'ziyaga keluvchi xotinlarning keti uzilmasayu yangamning vaysashi uchun fursat bo'lmasa, deb orzu qildi.
Ertasiga yangasining navbatdagi diy-diyosi boshlanganda Sarvar ichkariga mo'ralab, Matlubani imlab chaqirdi.
- Xursanali degan yigit so'rayapti. Sovxozingdan kelibdi.
- Bu o'sha, - dedi Matluba. - Endi nima qilamiz? Shunday kunda ham kelib, bez bo'lib turibdimi?
- Nima qilarding, to'laysan. Bularda to'y-aza degan gap yo'q.- Sarvar shunday deb cho'ntagidan qog'ozga o'ralgan pul olib, opasiga uzatdi.- Ma, olib chiqib ber.
- Pulmi? Tayyorlab qo'yuvdingmi?
- Zolotoyga aytuvdim. Yordam bera olmasligidan afsuslanib, bu yilgi soliqni ko'taradigan bo'ldi.
- O'zi berib qo'ya qolmaydimi?
- Bunaqa hotamtoyligini bilib qolishsa tinch qo'yishmaydi. Lekin odamlari bilan gaplashibdi. Bolalaringga tegishmaydi. Xotirjam bo'l. Seni ham himoya qilishadi.
Sarvar keyingi gaplarni opasini dardini yengillatish uchun o'zidan qo'shdi.
Matluba pulni olib, ko'cha eshik tomon yurdi. Yigit uni ko'rib, o'zini chetga oldi. Birinchi soliq to'lash marosimi gap-so'zsiz bo'ldi. Matluba pulni uzatdi, yigit olib cho'ntagiga soldiyu xayr, rahmat deganday tirjayib qo'ygach, burilib jo'nadi.
Matluba iziga qaytayotganida akasi Ha, tinchlikmi? deb so'radi.
- Tinchlik, - dedi Matluba, - sovxozning kassiri. Qog'ozlari menda edi.
Akasi xavotirlanib emas, shunchaki so'ragan edi, bu javob bilan qoniqdi. 
